Homiladorlik davrida tuzning ahamiyati

O’qish vaqti: 9 daqiqa

Tuz – tanadagi suyuqlik miqdorini, shuningdek mushak va asab tizimi faoliyatini bir maromda saqlab turishda qo‘llaniluvchi muhim mineral sanaladi. Homilador bo‘lganingizda rivojlanayotgan homilangizga ko‘mak berish uchun tanadagi suyuqlik miqdori o‘zgaradi, tuz esa tanadagi suv miqdorini boshqarish va uni bir maromda tutib turishda muhim rol o‘ynaydi. Xo‘sh, buning uchun qancha tuz iste’mol qilish kerak? Muhim va zarur vazifani amalga oshirishiga qaramay, homiladorlik davrida to‘g‘ri ovqatlanish uchun tuzning ozgina miqdori kerak bo‘ladi. Qancha miqdorda tuz iste’mol qilishingiz kerakligini hamda homiladorlik davrida tuz iste’molini kamaytirish yo‘llarini bilishni istasangiz, o‘qishda davom eting.      

Natriy va tuzning farqi

Tuz ikki moddadan – natriy va xloriddan tashkil topgan. Ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarining yorlig‘ida ham tuz, ham natriy miqdori ko‘rsatilgan bo‘lsa, boshqa mahsulotlarda faqat natriy miqdorini ko‘rishingiz mumkin. Yorliqda faqatgina natriy miqdori ko‘rsatilgan bo‘lsa, mahsulot tarkibida qancha tuz borligini aniqlash uchun uni 2,5 ga ko‘paytiring.      

Homiladorlik davrida yodlangan tuz ahamiyati

tuz

Ba’zi tuzlar yod bilan, ya’ni farzandingizda miya rivojlanishiga ko‘mak beruvchi mineral bilan boyitilgan bo‘ladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ba’zi homilador ayollar ushbu zaruriy oziq moddasini yetarlicha miqdorda iste’mol qilmaydilar, shu sababli oddiy osh tuzini yodlangan tuzga almashtirilsa, tuz iste’mol miqdorini oshirish mumkin bo‘ladi.     

Taxminlarga ko‘ra, homilador ayollar kerakli miqdordagi yodni faqatgina oziq-ovqat yordamida olishlari mumkin, qandaydir yodli qo‘shimchalar qabul qilish tavsiya etilmaydi. Baliq, mollyuskalar, tuxum hamda boshoqli o‘simliklar yodga boy mahsulotlardir. Homiladorlik davrida qaysi turdagi baliq va mollyuskalarni iste’mol qilish mumkinligi, shu bilan birga homiladorlik davrida tuxum iste’mol qilish qoidalari haqida bilib oling.  

Homilador ayol qancha tuz iste’mol qilishi kerak?

Homiladorlik davrida tuzni foydali miqdorda iste’mol qilish tartibi hayotning boshqa davrlardagi bilan bir xil. Inson tanasi normal ishlashi uchun kattalar bir kunda 1 g tuz qabul qilishi kerak bo‘ladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyasiga ko‘ra, bir kunlik maksimal iste’mol 6 g ni tashkil etishi kerak, bu esa taxminan bir choy qoshiq tuz yoki 2,4 natriy degani.      

Homiladorlik davrida sog‘lom parhezga amal qilish qanchalik muhim ekanligini barchamiz bilamiz. Agar siz iste’mol qilayotgan tuz miqdori kunlik limit – 6 g dan oshmasa, ovqatlanish ratsioningizga tuzatish kiritish shart emas.

Bordiyu tuz me’yordan oshgan deb shubha qilayotgan bo‘lsangiz, mahsulot tarkibidagi tuz va natriy miqdori ko‘rsatilgan yorliqni tekshirib, tuz iste’molini nazorat qilishni boshlang.

Homiladorlik davrida sho‘r ovqatni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilsangiz, nima bo‘ladi?

Ko‘pchilik o‘zlari bilmagan holda tavsiya qilingan miqdordan ko‘proq iste’mol qiladi, negaki juda ko‘p ishlab chiqarilgan mahsulotlarga tuz qo‘shiladi. Biz iste’mol qiladigan tuzning hayratomuz 75-80 % i qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarida, tayyor ovqatlar, restoran va uyga buyurtma qilinuvchi taomlarda yashiringan.  

Tuzni ko‘p miqdorda iste’mol qilish qon bosimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tuz tanani suvni ushlab qolishiga majburlab, buyraklarga ta’sir o‘tkazadi. Ushbu qo‘shimcha suyuqlik qon hajmining oshishiga sababchi bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida qon bosimini oshirib yuboradi. Shu tarzda, homiladorlik davrida tarkibida tuz miqdori kam bo‘lgan parhez insult va yurak xastaliklari, shu bilan birga boshqa xastaliklar xavfini kamaytirib, qon bosimini maromida saqlab turishga yordam beradi.        

Homiladorlik davrida tuz iste’molini qanday kamaytirish mumkin?

Uzoq yillar davomida tarkibida tuz ko‘p bo‘lgan taomlar, hattoki o‘rtacha sho‘rlikdagi yeguliklarni iste’mol qilib kelgach, tuzi past taomlar chuchuk va bemaza tuyulishi mumkin. 

Holbuki, tuzsiz mahsulotlarga ko‘nikish hamda ularning tabiiy ta’mini sezish uchun ta’m bilish retseptoringizga atigi 3 haftacha vaqt kerak bo‘ladi, xolos. Shunday ekan, tuz iste’moli miqdorini qisqartirishingizga to‘g‘ri kelgudek bo‘lsa, sabrli bo‘ling va taomlar tez orada yana mazali bo‘lib qolishini yodda tuting.         

Homilador ayollar uchun tarkibida tuz kam bo‘lgan mahsulotlar

Homiladorlik davrida tuz iste’molini kamaytirishning bir necha odiiy usullari.

  • Qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlaridagi tuz miqdorini tekshiring va 100 g mahsulotdagi tuz miqdori 1,5 g dan oshmasligiga harakat qiling.  
  • Muzlatilgan pitsa, ketchup yoki nonushta yormalarini xarid qilayotganingizda tarkibida tuz miqdori kam bo‘lgan mahsulotlarni izlab toping.  
  • Quritilgan baliq, quritilgan go‘sht, misol uchun, salyami, shuningdek, vetchina kabi go‘shtli tansiq yeguliklarda tuz miqdori juda yuqori bo‘lishi mumkin, shu sababli ularni kamroq iste’mol qiling. Homiladorlik davrida qanday go‘shtni yeyish mumkin, qaysi mahsulotlardan voz kechish kerakligini bilib oling. 
  • Soya qaylasi, gorchitsa, tuzlangan yeguliklar, mayonez va boshqa turdagi qaylalar iste’molini cheklang, negaki ularda tuz miqdori ko‘p bo‘lishi mumkin.    
  • Tarkibida tuz ko‘p bo‘lgan pishloqlar iste’molini ham kamaytiring. Homiladorlik davrida qaysi pishloqlarni yeyish mumkinligini bilib oling.
  • Tuz qo‘shilmay konservalangan sabzavotlar va dukkakli o‘simliklarni xarid qiling.
  • Pomidordan tayyorlangan qaylalar tarkibida pishloqli qaylalar yoki tarkibida zaytun, bekon yoki vetchina bo‘lgan qaylalardagiga nisbatan tuz miqdori kam bo‘ladi. 
  • Tuzlanmagan yong‘oqlarni iste’mol qiling. Sog‘lom tamaddi uchun meva yoki sabzavotlarni tanlang, misol uchun, bir hovuch rezavor meva yoki bir nechta sabzi bo‘lakchalari. 

Tuzi kam taomlarni tayyorlash bo‘yicha maslahatlar

  • Tuz miqdorini kamaytirib ham, taomga maza bera olishning ko‘pgina yo‘llari bor.

• Taomni tayyorlayotganda va yoki tayyorlaboq unga odatga ko‘ra tuz qo‘shmang. Ziravorlarni qo‘shishdan avval taomni tatib ko‘ring, balki ortiqcha tuzga hojat yo‘qdir.  

• Ovqatni garmdori yordamida xushxo‘r qilib ko‘ring, u istalgan taom bilan yaxshi ketadi. 

• Sabzavotli va go‘shtli taomlarga, pastaga sarimsoq piyoz, garmdori va zanjabil kabi ziravorlar va barra ko‘katlar qo‘shing, qovurdoq ustidan yangi uzilgan laymni siqib ko‘ring. 

• Sabzavotlarni toblab pishirsangiz yoki qovursangiz, ular mazaliroq bo‘ladi. Qizil bulg‘or qalampiri, pomidor, kabachka va arpabodiyonni turli xil ko‘katlar, sarimsoq piyoz va birinchi sovuq siqish yo‘li bilan olingan zaytun yog‘i bilan qizartirib qovurib ko‘ring.     

• Tayyor kubikchalar yoki granulalar solingan sho‘rvaning o‘rniga o‘zingiz qaynatma sho‘rva va qaylalar pishiring. Yoki bo‘lmasa, tarkibida tuz kam bo‘lgan ziravorlarni sotib oling.

Uydan tashqarida ovqatlanish bo‘yicha maslahatlar

  • Restoranda ovqatlanganda yoki uyga taom buyurtirganda tuz miqdorini nazorat qilish mushkul kechishi mumkin. Quyida ko‘chada ovqatlanganda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida bir nechta maslahatlar keltirilgan. 

• Pitsa masallig‘i sifatida sabzavot yoki tovuq go‘shtini tanlang, pepperoni, bekon yoki qo‘shimcha pishloq emas.

• Pasta ichidagi bekon, pishloq, kolbasani yemang. Tovuq go‘shtidan yoki sabzavotdan tayyorlangan pomidor qaylali taom buyurtma qiling.

• Qanchalik mazali bo‘lmasin, burgerga qo‘shib beriluvchi bekon, pishloq yoki barbekyu uchun maxsus qaylalardan uzoqroq turing. Chips o‘rniga salat tanlang.

• Karri yoki qovurdoq xohlayapsizmi? Palov yoki tuxumli qovurilgan guruch  o‘rniga oddiy guruch buyurtma qiling, chunki ularda tuz miqdori kam. 

• Ichida vetchina va pishloq bo‘lgan sendvichlardan voz keching, o‘rniga tovuq go‘shti, sabzavot, avokado yoki qovurilgan bulg‘or qalampiri borligini tanlang. Bundan tashqari, tarkibida odatda tuz ko‘p bo‘lgan gorchitsa va tuzli suvning o‘rniga yog‘i kam bo‘lgan mayonez yeb ko‘ring. • Salat buyurayotganda qayla o‘rniga ziravor qo‘shishlarini iltimos qiling, chunki qaylada tuz va yog‘ miqdori ko‘p bo‘ladi

  1. British Dietetic Association. Food Fact Sheet: Salt and Health [Online]. 2016. Available at: www.bda.uk.com/resource/salt.html [Accessed February 2020]
  2. NHS. Salt: the facts [Online]. 2015. Available at: www.nhs.uk/Livewell/Goodfood/Pages/salt.aspx [Accessed February 2020]
  3. Action on salt. Salt and your health [Online]. Available at: www.actiononsalt.org.uk/salthealth/index.html [Accessed February 2020]
  4. Glinoer D. The importance of iodine nutrition during pregnancy. Public Health Nutr 2007;10(12A):1542-1546.
  5. NHS. Iodine supplements could help mums, babies and the economy. [Online]. 2015. Available at: www.nhs.uk/ [Accessed February 2020]
  6. Action on salt. Myths and Frequently Asked Questions [Online]. Available at: www.actiononsalt.org.uk/less/faqs/index.html [Accessed February 2020]
  7. Action on salt. How to reduce your salt intake [Online]. Available at: www.actiononsalt.org.uk/less/reducing-intake/ [Accessed February 2020]

Oxirgi yangilanish sanasi: 2020 yil 29 may

Nutricia kompaniyasining tibbiy va ilmiy masalalar bo‘yicha guruhi tomonidan tayyorlangan

shifokor

Farzandingizning kelgusidagi salomatligi hozir shakllanmoqda

Biz Nutricia Club jamoasi tajriba moslashuvchanlikni rivojlantirishga yordam berishiga, homiladorlik paytida yoki tugʻruqdan keyin har qanday yangi sharoitga duch kelish Sizning farzandingizning kelgusidagi rivojlanishiga taʼsir qilishi mumkinligiga ishonamiz. Bizning malakali ekspertizamiz va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutaxassislarimizning kunu-tun ishlashi  tufayli biz Sizga va Sizning farzandingizga kelgusida sogʻlom boʻlishingizda yordam beramiz.

Mavzu bo‘yicha maqolalar

Savollar tug‘ildimi?

Biz dushanbadan jumaga qadar, 9:00 dan 18:00 gacha aloqadamiz!

x