Farzandingiz bilan tanishing

Qisqacha maʼlumotlar

Og‘ir tugʻruq jarayonidan keyin kichkintoyingiz bilan birinchi uchrashuvingiz – bu ajoyib hissiyot. Siz yengillikni, quvonchni, hayratni va shu bilan birga hayratni his etasiz. Oksitotsin yaʼni “muhabbat gormoni”ning quyilib kelishi tufayli siz kichkintoyingizni benihoya yaxshi koʻrasiz. Bu maqolada bola bilan oʻtkaziladigan dastlabki bir necha soatda nimani kutish kerakligi haqida toʻxtalib oʻtiladi.

ona va chaqaloq belgisi

Bolaning porloq kelajagi shu yerdan boshlanadi

Farzandingiz kelajakda to‘g‘ri o‘sib, ulg‘ayishi uchun chaqaloqlarning rivojlanishi haqida batafsil bilib oling

Bir qarashdagi muhabbat

Sizning kichkintoyingiz bilan oʻtkazadigan eng dastlabki bebaho lahzalaringiz juda hissiyotga boy boʻladi – bu vaqtda sizda baxt gormonlari juda koʻp ishlab chiqariladi va bu sizga bola bilan aloqangizni mustahkamlashga va sizda uni himoya qilish istagining paydo boʻlishiga yordam beradi. Yangi tugʻilgan chaqaloq bilan uchrashuv bu 9 oylik homiladorlik qiyinchiliklari va tugʻruq stressini unuttiradi. “Teri bilan teri” aloqasini oʻrnatish bola tugʻilganidan keyin darhol u bilan yaqin munosabatni oʻrnatish uchun ajoyib usuldir. Lekin xavotir olmang barcha onalar ham ilk lahzadayoq yaqinlikni his eta olishmaydi. Sizning muhabbatingiz kichkintoyingiz bilan birgalikda oʻsib boradi.

Ilk teginish

Tugʻruqdan soʻng doya endigina dunyoga kelgan chaqalogʻingizni koʻkragingiz ustiga qoʻyadi. Bu yaqin aloqa sizga bolangizning koʻzlariga qarab, uning yuz tuzilishini koʻrishga, birinchi marta uni tinchlantirishga imkon beradi ¬– barcha muhim qadamlar bir-biri bilan tanishishdan boshlanadi. Bu birinchi quchoqlashish sizning har ikkingizga ham nafaqat hissiy foyda beradi, balki kichkintoyingizning jismoniy salomatligi uchun ham foydali boʻladi. U bola tanasining haroratini nazorat qilishga, glyukoza darajasini va nafas chastotasini nazorat qilishga yordam beradi. Sizning teringizdagi bakteriyalar esa bolaning immun tizimini ishga tushirib yuboradi va uning terisini foydali bakteriyalar bilan qoplanishini taʼminlaydi. Shuningdek, sizning oʻzaro aloqangiz, bolaning ona suti bilan oziqlanishga boʻlgan ehtiyojini qoʻllab-quvvatlaydi.

Birinchi marta emizish

Bola dunyoga kelganidan soʻng darhol ovqatlanish uchun sizning koʻkragingizni topishga harakat qiladi, boshini sutingizning hidiga qarab buradi va agar uning lablariga nimadir tegsa, ogʻzini ochadi. Ehtimol unga koʻkrakni olish va emish uchun biroz koʻproq tajriba kerak boʻlishi mumkin, lekin sizning doyangiz zarurat tugʻilganda har ikkingizga ham yordam berish uchun yoningizda boʻlishi kerak.

Ona suti bilan emizishning dastlabki kunlari chaqaloq uchun juda muhim, chunki molozivo yaʼni ogʻiz suti bolangiz uchun foydali hisoblanadi. Bu quyuq sariq modda – sizning organizmingizda ishlab chiqariladigan eng birinchi sut.  U kichkintoyingizni yuqori konsentratsiyadagi barcha zarur ozuqa moddalari bilan taʼminlaydi. Kichkintoyingizning qorinchasi hali juda kichkina boʻlganligi uchun unga dastlab kuniga bir necha choy qoshiq miqdorida emish ham kifoya qiladi. Lekin bu ozgina sut boʻlishiga qaramay juda koʻp afzalliklarga ega:

  • Bu ideal ovqat yengil hazm boʻladi va tarkibida kichkintoyingiz uchun zarur boʻlgan barcha oqsillar, yogʻlar va vitaminlarni saqlaydi.
  • Ogʻiz suti sizning antitanachalaringiz va foydali bakteriyalaringizni kichkintoyingizning organizmiga uzatadi va unda immun tizimining va sogʻlom ichaklarning shakllanishiga yordam beradi.
  • Bu suruvchi vosita boʻlib, u kichkintoyingizning ichaklarini mekoniyadan tozalashga yordam beradi.

Zarurat tugʻilganda koʻkrak suti bilan emizish sizga kichkintoyingiz uchun barcha zarur sutni ishlab chiqarishga yordam beradi.  U shuningdek sizning bachadoningizni kichraytiradigan siqilish jarayonini ham qoʻzgʻaydi va bu bilan haddan ortiq qon yoʻqotilishining oldini olishga yordam beradi. Har doim birinchi martadayoq ona suti bilan emizishni yoʻlga qoʻyish oson emas, shuning uchun doya dastlabki kunlarda taklif etadigan barcha yordamdan foydalanishga harakat qiling.

uxlab yotgan yangi tug'ilgan chaqaloq
“Teri bilan teri” aloqasi bola tugʻilganidan soʻng u bilan aloqani yoʻlga qoʻyishni boshlashning eng ajoyib usuli.

Dastlabki tekshiruvlar

Kichkintoyingizni hayotining dastlabki 72 soati davomida uning salomat ekanligiga ishonch hosil qilish uchun uni sinchiklab tekshirish zarur. Uning hayotining dastlabki bir necha daqiqasida oʻtkaziladigan tekshiruv Apgar shkalasi boʻyicha baholash deb nomlanadi. Bu tekshiruv doyangizning va shifokorning bolaga tez tibbiy yordam kerak yoki kerak emasligini aniqlashga yordam beradi va buni baholashda bola tanasining rangi, yurak qisqarishi soni va reflekslar kabi koʻrsatkichlar eʼtiborga olinadi. Bu tekshiruvdan bolaning salomatligi bilan bogʻliq uzoq muddatli muammolarning indikatori sifatida foydalanilmaydi va agar bola boshqa taraflardan sogʻlom boʻlsa, unda Apgar shkalasi boʻyicha past bal chiqqanidan xavotirlanishga hojat yoʻq.

Tugʻruqdan keyingi boshqa tekshiruvlar koʻzlarni, quloqlarni, yurakni, oyoqlarni va oʻgʻil bolalarda tuxumlarning salomatligini tekshirishni oʻz ichiga oladi. Bolaning eshitish qobiliyatini tekshirishi uchun uning qulogʻiga juda yaqin qilib barmoqlar qarsillatiladi va kexo eshitiladi. Bu ogʻriqsiz boʻlib, u bola uxlayotganda tez-tez qilinadi. Sizning kichkintoyingiz 5-8 kunlik boʻlganda esa, “tovonga ukol” testi oʻtkaziladi. Bunda tovondan qon namunasi olinadi va fenilketonuriya (FKU), oʻrta zanjirli atsil-KoA-degidrogenazlar (MCADD), mukovistsidoz, oʻroqsimon-hujayra anemiyasi va tugʻma gipotireoz kabi metabolik kasalliklarga tekshiriladi.

Shuningdek bolaning vazni ham sinchkovlik bilan kuzatiladi. Garchi bolani hayotining dastlabki kunlarida ozishi normal hodisa boʻlsa-da, davolovchi shifokor yoki doya bolaning meʼyorida oʻsayotganligiga ishonch hosil qilish uchun uni kuzatib boradi.

Mening kichkintoyim kimga oʻxshaydi?

Shubhasiz sizga farzandingiz kimga oʻxshashi –  sizgami, otasigami, yoki buvisigami, buni bilish juda qiziq boʻladi. Lekin aslida sizning kichkintoyingiz yangi tugʻilgan vaqtida biroz boshqacharoq koʻrinishi mumkin. Uning boshi tanasiga nisbatan kattaroq boʻladi. Qoʻllari va oyoqlari esa to qon aylanish tizimi meʼyorida ishlashni boshlamaguncha toʻq koʻk yoki toʻq qizil rangda boʻladi. Tugʻruq usullariga qarab uning bosh shakli bir muncha vaqtga oʻzgargan boʻlishi mumkin. Uning muddatidan oldinroq yoki keyinroq tugʻilishi ham uning tashqi koʻrinishiga taʼsir qilishi mumkin. Shuningdek, uning qolgan kindigiga plastik tutqich qoʻyiladi.

Teri

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning terisi odatda biroz shaffofroq boʻladi va odatda verniks – mumsimon oq modda bilan qoplangan boʻladi va bu modda uning terisini ona qornida himoya qilishga yordam beradi. Muddatidan keyinroq tugʻilgan goʻdaklarda verniks kamroq boʻlishi va ularning terisi quruqroq boʻlishi mumkin. “Sut dogʻlari” deb ataladigan bolalar toshmalari istalgan vaqtda farzandingiz terisida paydo boʻlishi mumkin. Ular mutlaqo zararsiz boʻladi va sizning gormonlaringiz tufayli paydo boʻladi, hamda ular odatda bir haftalardan soʻng yoʻqoladi.

Bosh

Kichkintoyingizning bosh suyagi tugʻilganida uning tugʻruq yoʻli orqali oʻtishiga yordam berish uchun hali toʻliq qotmagan boʻladi. Shuning uchun uning boshi tugʻilganidan keyin biroz uzunroq koʻrinishi mumkin.  Bolaning boshida ikkita yumshoq dogʻ yoki liqildoq boʻladi – oldi tarafida rombsimon liqildoq, orqa tarafida kichikroq liqildoq. Bu yumshoq joylar qalin himoya membranasi bilan qoplangan boʻladi va u yerdagi bosh suyagi bola 1 yoshdan 18 oylikkacha boʻlgan davrga borib bitadi.

Soch

Goʻdaklarning sochlari har xil boʻladi: baʼzilarida qalin va mustahkam jingalak sochlar boʻlsa, boshqalarida mayin, ipakdek sochlar boʻladi. Sochlarning rangi va qalinligi keyingi bir necha hafta ichida yoki bir yildan keyin ham oʻzgarishi mumkin. Agar bolaning tugʻilgandagi sochlari toʻkilishni boshlasa, bundan tashvishlanmang, bu mutlaqo tabiiy holat. Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda muddatidan keyin tugʻilgan bolalarga qaraganda koʻproq lanugo (ona qornida bolaning tanasini qoplab turadigan mayin momiq tuklar) boʻlishi mumkin.

Koʻz

Kichkintoyingizning sochini rangi kabi koʻzining rangi ham bir necha oydan soʻng oʻzgarishi mumkin. Ajablanarlisi, avvaliga bolalar narsalarni noaniq, oq-qora tusda koʻrishadi va 20 santimetrdan, yaʼni siz uni emizayotgan vaqtda yuzingizni koʻrishi uchun yetarli boʻlgan masofadan uzoqroq masofadagi obyektlarni ajrata olishmaydi.

Agar siz farzandingizning koʻzlari vaqti-vaqti bilan boshqa-boshqa tarafga qarasa vahimaga tushmang. Bu gʻilaylik deb nomlanadi va u taxminan 3-oyga borib oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketadi.

Yuz

Avvaliga bolaning yuzida ajinlar boʻlishi mumkin, lekin tez orada bu ajinlar tekislanadi va silliqlashadi.

Jinsiy aʼzolar

Bolaning organizmida gormonlar koʻp boʻlganligi tufayli uning jinsiy aʼzosi biroz shishgan va qizil boʻlishi mumkin. Qizlarda tez-tez qindan biroz qon kelishi mumkin yoki undan oq xira ajralma ajralishi mumkin. Oʻgʻil bolalarning tuxumlari homiladorlik vaqtida qorin boʻshligʻida rivojlanadi, homiladorlikning oxirgi muddatlariga borib xaltachalarga tushadi. Baʼzi bolalarda bu tugʻilgandan keyin roʻy beradi va bu 3 oydan 6 oygacha vaqt olishi mumkin.

Kindikni parvarish qilish

Siz yangi tugʻilgan chaqalogʻingizning qornida plastik qisqich bilan qisilgan 2-3 sm li kindik boʻlagi qolganini, koʻrib hayron boʻlishingiz mumkin. Unda nerv tugunlari boʻlmaydi, shuning uchun sizning kichkintoyingiz u yerda hech narsani his qilmaydi va bu borada siz qilishingiz mumkin boʻlgan narsa bu – uni taxminan bir hafta ichida tushib ketmagunicha toza holatda saqlashdir. Bu jarayonni tezroq tugashi uchun yordam berishga urinmang. Yaxshisi kindik oʻzi tabiiy ravishda tushgani maʼqul. Sizning doyangiz yoki patronaj hamshirangiz kindikni doimiy ravishda infeksiya bor yoʻqligiga tekshirib turadi. Lekin agar sizda qandaydir muammo tugʻilsa, u bilan maslahatlashing.

Yangi tugʻilgan chaqaloqni qanday qilib toʻgʻri ushlash

Avvaliga yangi tugʻilgan chaqaloqni qoʻlda koʻtarish va ushlash ancha qiyindek tuyulishi mumkin. U juda nozik va kichkina boʻladi. Asosiysi, shuni unutmaslik lozim – bolaning boshini har doim ushlab turish kerak. Bundan tashqari ikkalangiz uchun ham qulay usulni topish juda muhim. Bunda eng koʻp qoʻllanilgan usullardan foydalanish mumkin.

Xuddi beshikdagidek

Xuddi beshikdagidek

Boʻyinning orqa qismi, bosh va umurtqa qoʻlda, keng ochilgan kaft bilan tutiladi. Boshqa qoʻl bilan bolaning orqasi ushlanadi.

yelkada

Yelkada

Bolaning koʻkragini oʻzingizning koʻksingizga qoʻyib, bir qoʻlingiz bilan bolaning ensasini ushlaysiz, boshqa qoʻlingiz bilan esa bolaning quymichidan ushlab koʻtarasiz. Bolaning nafas olishiga xalaqit bermaslik uchun uning boshini yon tomonga buring.

Yuzma-yuz

Yuzma-yuz

Bolaning oyoqchalarini qorningizga qoʻyib, uni oldinda koʻtaring. Bir qoʻlingiz bilan boshini ostidan, boshqa qoʻlingiz bilan uning belidan boshlab pastki qismini ushlang. Oʻzaro yaqinlikni oʻrnatish uchun bu usul juda mos keladi.

“Regbi” pozasi

“Regbi” pozasi

Bunda bola sizning belingizning yonidan oyoqlarini oʻtkazib oladi. Uning oyoqlar sizning orqa tarafingizga qarab choʻziladi. Uni belini va boʻynini ushlash uchun bir qoʻlingizdan foydalanib, uni oʻzingizga mahkamroq bosing, boshqa qoʻlingiz bilan esa uning boshini ushlang.

Qorin ostida

Qorin ostida

Bolaning koʻkragi va qorni sizning qoʻlingizda boʻladi, boshi esa tirsagingiz bukilgan joyda boʻladi, ikkinchi qoʻlingiz bilan esa uning chov sohasidan tutasiz.

Mavzu bo‘yicha maqolalar

Savollar tug‘ildimi?

Biz dushanbadan jumaga qadar, 9:00 dan 18:00 gacha aloqadamiz!

x